Bulung‘ur tumani qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda viloyatda yetakchi o‘rinlarda turishi sir emas. Tuman hokimligi o‘tkazilgan navbatdagi muhokamada sohada amalga oshirilayotgan ishlarning bugungi ahvoli haqida so‘z yuritildi. Tuman hokimi Samandar Astonov huzurida o‘tgan muhokamaga sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligiga aloqador tashkilot va korxonalarning rahbarlari, fermer xo‘jaliklari raislari taklif etildi.
Muhokamada ta’kidlanganidek, tuman hokimligi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan fermer xo‘jaliklari tomonidan 2023-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini parvarishlash uchun mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari holati monitoring qilingan. Natijada boshoqli don ekinlarini parvarishlash uchun ajratilgan mineral o‘g‘itlar ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkor fermerlar tomonidan maydonlarga sepilmasdan, saqlab kelinayotganligi aniqlandi.
Misol uchun, Zarafshon agrofirmasi hududidagi fermer xo‘jaliklaridan biri tomonidan 2023-yil hosilii uuchun 2.5 gektar maydonga ekilgan g‘alla maydonlarini o‘g‘itlash uchun 625 kg. mineral o‘g‘it olish o‘rniga 1500 kg. azotli mineral o‘g‘it olingan bo‘lsada, ammo olingan o‘g‘it bugungi kunga qadar sepilmasdan fermer xo‘jaligi raisining uyida saqlanmoqda.
Muhokama so‘ngida joylarda o‘rganishlar davom ettirilishi, aniqlangan har bir holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikka muvofiq munosabat bildirilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, kun tartibida yangi yerlarni o‘zlashtirish, ariq va zovurlarni qazish, chorvachilik sohasini rivojlantirish, statistik hisobotlarni topshirish va soliq qarzdorliklarini to‘lash kabi masalalar ko‘rib chiqildi.