Bolajonlar uchun zamonaviy qulayliklarga ega maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi

Bulung‘ur tumanida maktabgacha ta’lim tizimi rivojiga alohda e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bugun ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi ham fikrimizni tasdqilaydi. Tumanning Cho‘yantepa mahallasida joylashgan 150 o‘rinli ta’lim tashkilotida Investitsiya davlat dasturi doirasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda tuman hokimi Samandar Astonov, keng jamoatchlik vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida mehmonlarga tarbiyalanuvchi bolajonlar tomonidan tayyorlangan madaniy chiqishlar namoyish etildi. Shundan so‘ng tuman hokimi S.Astonov so‘zga chiqib, tizimda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar to‘g‘risida yig‘ilganlarga ma’lumot berib o‘tdi.

Xususan, bugun tumandagi 28 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 8 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 130 ta nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlariga jami 11959 nafar 3-7 yoshli bolalar qamrab olingan. Birgina ushbu mahallaga qo‘shni bo‘lgan Chorbog‘ mahallasida ham "Obod qishloq" va "Obod mahalla" Dasturi doirasida bugun 60 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan qurilmoqda va yil yakunida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng, ta’mirlash ishlarini olib borgan usta quruvchilarga mahalla ahlining minnaddorchiligi bildirilib, o‘zbek milliy kiyimi to‘n kiydirildi. Sohada uzoq yillar mehnat qilgan nafaqadagi tarbiyachilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Keng jamoatchilik tomonidan maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari uchun o‘qinchoqlar, o‘quv-uslubiy qo‘lanmalar berildi. Nnuroniylar tomonidan ramziy lentalar kesilib, barcha ichkariga taklif qilindi. Tadbir mehmonlari bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Nuroniylar yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini so‘rab duoga qo‘l ochishdi. Ertamiz egalari bo‘lmish bolajonlar uchun yaratilayotgan mazkur imkoniyatlar kecha bo‘lmaganligi, bugun ulardan unumli foydalanish lozimligi ta’kidlandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM