Qanday hollarda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yish mumkin?

Yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etiladi:

-mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ular faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;

-xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

-foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);

-respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya ob’ektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temiryo‘l transporti ob’ektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimi muhandislik ob’ektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat ob’ektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

-tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalari ob’ektlarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;

-davlat investitsiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalari binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.

 

Yer uchastkalari har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish taqiqlanadi.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy kengash yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha tashabbusni dastlabki tarzda ko‘rib chiqishga doir majlislari OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq o‘tkaziladi.

Mahalliy kengash yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin hokimliklar huquq egalari bilan kompensatsiya shartlari, turlari va miqdori bo‘yicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi. 

Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida ko‘chmas mulkni erkin tasarruf etishiga monelik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, huquq egasining munosib hayot kechirishi uchun monelik qiladigan shart-sharoitlarni yaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jumladan mazkur huquqiy norma ijrosini ta’minlash yuzasidan Bulung‘ur tumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 911-sonli “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 2022-yil 18-martdagi VI-59-62-7-0-K/22-sonli xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining qarori asosida 2-nafar fuqarolarga kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berildi.

 

Bulung‘ur tumani hokimligi bosh yuriskonsulti O.Djumanazarov

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM