Oila va  xotin-qizlar bilan ishlash sohasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi

Bugun oila va xotin qizlar sohasida aniq natijalarga erishish uchun kompleks yondashuv talab etilmoqda. Xususan, PQ-87-sonli Farmon 1-ilovasiga ko‘ra “2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur” tasdiqlangan bo‘lib, unda bir qancha tashkilot va muassasalarning hamkorlikdagi vazifalari aniq belgilab berilgan.

 

Bulung‘ur tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limida mazkur Dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar yana bir bor muhokama qilinib, kelgusi vazifalar belgilab olindi. Xususan, ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun har bir mas’ul tashkilot o‘z vazifasini vijdonan bajarishi, hamkorlik aloqalari mustahkam bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, Milliy dasturning maqsad va vazifalari xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, qizlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, iqtidorli va bilimli qizlarni tarbiyalash hamda ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, jamiyatda xususan, davlat boshqaruvida ularning rolini mustahkamlash hamda gender tenglikni ta’minlashdan iborat.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM