Bulung‘urlik zukko yoshlar “Zakovat”da bellashdi

Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida so‘zlagan nutqida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgacha eng avvalo e’tibor qaratiladigan 5 ta asosiy sohani sanab o‘tgan va bunda birinchi yo‘nalish sifatida “TA’LIM, TA’LIM va yana TA’LIM” deya ta’kidlagan edilar. Darhaqiqat, bugun yoshlarimizning ilm cho‘qqilarini zabt etishlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bulung‘ur tuman hokimligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi, yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamkorligida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining tuman bosqichi ham yuqoridagi maqsad yo‘lida bir qadam bo‘ldi, deyish mumkin.

Tumandagi muhtasham bazmgohlardan birida o‘tkazilgan intellektual bellashuvlarda 59 ta jamoadan iborat yoshlar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi, yangi bilimlarni o‘lashtirdilar. Turnirni  viloyat "ZAKOVAT" NNT koordinatori Ohunjon Nizomov olib bordi.

Dastlabki saralash bahslarida 24 ta jamoa saralab olindi va finalda bellashdilar. Savollar murakkab, biroq vaqt chegaralangan. Barchani birdek hayajonga solgan onlar, kutilgan va kutilmagan javoblar: o‘yin haqiqiy adrenalinga boy bo‘ldi deyish mumkin.

Murosasiz o‘tgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra:

-44-umumta'lim maktabining "Sahovat" jamoasi 3-o'rinni;

-15-umumta'lim maktabining "The Best" jamoasi 2-o'rinni;

-2-umumta'lim maktabining "Bilimdonlar" jamoasi 1-o'rinni egalladi.

Yakunda g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliqlar va estalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Yuqorida nomlari qayd etilgan g‘oliblar o‘yinlarning viloyat bosqichida ishtirok etib, tumanimiz sharafini himoya qiladigan bo‘lishdi.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM