“Ko‘chma savdo” obyekti kapital qurilish uchun emas!

Bugun yurtimizda tadbirkorlik rivoji uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilgan. Xususan, umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘chma savdo faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida 2021-yil 3-avgust kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 485 sonli Qarori ham fikrimizga misol bo‘la oladi.

Qarorga ko‘ra, ko‘chma savdo joyi «K - SAVDO» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron auksionda sotilishi belgilangan bo‘lib, ko‘chma savdo ob’ektini joylashtirish davri 36 oydan oshmasligi lozimligi belgilangan.

Afsuski, hududlarda ayrim fuqarolarning qonun bilan belgilangan normalarni bila turib chetlab o‘tishga harakat qilishlari holatlari ham uchrab turibdi. Albatta, o‘zining foydasiga qilinayotgan bu kabi qonunbuzilish holatlarini ular “Men tadbirkorman!” deya xaspo‘shlashga urinishadi. Biroq, bu kabi holatlar yuzasidan tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Misol uchun oladigan bo‘lsak, joriy yilning 27-iyun kuni o‘tgan onlayn auksion savdosi orqali “KAYUMOVA GULBAXOR SULAYMANOVNA” YaTT tomonidan Bulung‘ur tumani Kildon mahallasi hududidan 15 metr kvadrat yer maydoni ko‘chma savdo tashkil etish uchun 36 oyga ijaraga olingan. Biroq o‘rganish jarayonida tadbirkor tomonidan 35 metr kvadrat maydonga kapital qurilish ishlari olib borilayotganligi aniqlandi.

Tuman hokimligi hamda tuman Qurilish bo‘limi mas’ullari voqea joyiga chiqishgan holda, tadbirkor bilan suhbatda bo‘lishdi. Suhbat davomida tadbirkorga ko‘chma savdo faoliyatini tashkil etish normalari yuzasidan tushunchalar berilib, noqonuniy qurilish ishlarini to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bugunga qadar tuman Qurilish bo‘limi tomonidan shunga o‘xshash 95 ta holat aniqlangan bo‘lib, ularning 87 tasiga ogohlantirish xati berilgan, 8 ta holatda noqununiy kapital qurilish ishlari to‘xtatilib, buzdirilgan.

Shu o‘rinda tadbirkorlarga eslatib o‘tmoqchimizki, noqonuniy qurilish qilganligingiz uchun qonun bilan belgilangan jarima jazosiga tortilishingiz va noqonuniy qurilgan mulkingiz sud tartibida majburiy buzilishi ta’minlanadi. Ya’ni, qonunlarni qasddan buzish orqali ham vaqtingiz, ham naqdingizni yo‘qotasiz. Yaxshisi qonun bilan berilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ham oilangizga, ham jamiyatga naf keltirganingiz afzal. Unutmang, qonun barcha uchun barobar!

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM