Bulung‘urda “Soliq hamkor” tizimi orqali 79 ta murojaat mualliflariga jami 41.2 mln. so‘m mukofotlar tayinlangan

Xalq deputatlari Bulung‘ur tuman Kengashining navbatdagi oltmish sakkizinchi sessiyasida “Tuman mahalliy budjet daromadlarining belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini bajarilishini ta’minlash, tumanning iqtisodiy o‘sish nuqtalarini inobatga olgan holda qo‘shimcha manbalarni aniqlash, soliq qarzdorligini qisqartirish, ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tuman Davlat soliq inspeksiyasi va tuman moliya bo‘limining hisoboti to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.

 

Unda ma’lum qilinganidek, mahalliy budjet uchun 2022-yil 6-oylik uchun 36 504.0 mlrd. so‘m reja berilgan bo‘lib, reja 39 039.7 mlrd. so‘mga yoki 2 534.0 mlrd. so‘m (102 %)ga ortig‘i bilan bajarildi.

Tumanda soliq qarzdorligi 2022-yil 1-yanvar holatiga 20 735.1 mlrd. so‘mni tashkil etib, 6 oy yakuni bo‘yicha 6 156.9 mlrd. so‘m qarzdorliklar undirilgan.

Bugungi kunda 12 635.2 mlrd. so‘m qarzdorlik mavjud bo‘lib, ushbu summalarni undirish uchun 1917 ta holatda 8 110.0 mlrd. so‘mlik hujjatlar tuman MIB bo‘limiga yuborilgan.

Inspeksiya tomonidan savdo va xizmatlar sohasida tovarlar va xizmatlar hajmini hisobotda to‘liq aks ettirish, ko‘chma savdo faoliyatlarini tashkil etish, o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish va norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi va xizmatchilarni rasmiylashtirish (legallashtirish) borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tumanda bugungi kunda savdo hamda xizmatlar sohasida 578 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyat yuritmoqda. Ushbu subyektlarda savdo va xizmat ko‘rsatish hajmi joriy yil birinchi yarim yilligida 4,4 mrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (3,1 mrd. so‘m) nisbatan 1,1 mrd so‘mga yoki 138,7 foizga oshgan.

Chakana va ulgurji savdo hamda xizmat ko‘rsatish sohasidagi 172 ta subyektlarda 1 810.4 mlrd. so‘mlik tafovutlar bo‘yicha kameral soliq tekshiruvlari o‘tkazildi. Bunda 147 ta subyektlarda 1 518.3 mln. so‘mlik kamchiliklar aniqlanib, 1 037.2 mlrd. so‘mga qayta hisobotlari olinishi, 481.1 mln. so‘mlik soliqlar subyektlarning shaxsiy hisob varag‘iga qo‘shimcha hisoblanishi ta’minlangan. Misol uchun, xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshiruvchi "Shelf jahon" XKda o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvida 74.2 mln. so‘m AOS hisoblanmasdan qolganligi aniqlanib, korxona tomonidan aniqlashtirilgan qayta xisobot taqdim etilib, hisoblangan soliqlar to‘lab berildi.

Ta’kidlash kerakki, sohada jamoatchilik nazorati ham muhim rol o‘ynamoqda. Xususan, “Soliq hamkor” tizimi orqali tuman bo‘yicha 32 nafar fuqarolar tomonidan yuborilgan 140 ta murojaatlar asosida 101 ta sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazildi. Natijada 101 ta subнektlarga jami 317.2 mlnю so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanib, 289.2 mln. so‘mi undirildi. 79 ta murojaat mualliflariga jami 41.2 mln. so‘m mukofotlar tayinlandi.

Shu bilan birga ayrim tadbirkorlarimiz o‘tkazilgan tekshirishlardan tegishli xulosa qilmagan holda qonunbuzilish holatlarini sodir qilishda davom etmoqda. Bunday tadbirkorlik subyektlarining 10 tasi bo‘yicha davomiy ravishda (2 va undan ortiq) murojaatlar kelib tushib, ularda 19 ta sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilgan. Misol uchun, tumanda joylashgan “FAROVON METAN SAVDO” MChJ bo‘yicha jami 18 marotaba murojaat tushgan bo‘lib, jamiyatda 7 marotaba sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazildi va 27,6 mln.so‘m moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Tuman hokimligining bevosita yordami bilan tuzilgan ishchi guruhlar bilan hamkorlikda joriy yil 1-avgust holatiga “K-SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali 232 ta yer maydonlari auksionga kiritilib, 171 tasida g‘oliblar aniqlandi va ularga belgilangan tartibda yer maydonlari 3 yillik ijaraga berildi. Natijada 171 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanadi. Bugungi kunda 61 ta yer maydonlari “auksion” jarayonida turibdi hamda tez kunlarda auksion natijalariga asosan fuqarolarga ajratib beriladi.

Joriy yilning 6 oyida 3729 nafar norasmiy ishlayotgan ishchi xodimlarni legallashtirish bo‘yicha reja belgilangan bo‘lib, haqiqatda 5209 nafar ishchi xodimlar rasmiylashtirildi va belgilangan reja 1480 nafarga ortig‘i (110.9 %) bilan bajarildi. Norasmiy xodimlarni legallashtirish natijasida joriy yil 6 oyi davomida budjetga 159.8 mln.so‘m daromad solig‘i hisoblanishi ta’minlandi. Misol uchun, tumandagi "Bulung‘ur prof med" MChJda 8 nafar, "Metin texsil" MChJda 20 nafar ishchi xodimlar haqiqatda norasmiy faoliyat yuritayotganliklari aniqlanib, belgilangan tartibda legallashtirildi.

Bundan tashqari, joriy yil 1-avgust holatiga o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 6 263  nafarni tashkil etib, joriy yil uchun belgilangan reja (3 373 ming nafar) ijrosi ortig‘i bilan ta’minlandi. Jumladan, ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha 2648 nafar, sanoat yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar 512 nafar, qishloq xo‘jaligi yo‘nilishi bo‘yicha 1997  nafar, axborot-kommunikasiya yo‘nalishlari bo‘yicha 97 nafar, maishiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 868 nafar va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyat turlari bo‘yicha 141 nafar fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilgan holda ro‘yxatga olinib, bandligi ta’minlandi.

Kun tartibida ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM