Orzulari osmon bitiruvchi yoshlarga medallar topshirildi

Bulung‘ur tumanida joriy o‘quv yilida 9-sinfni 3221 nafar, 11-sinfni 2469 nafar, jami 5960 nafar o‘quvchilar umumta’lim maktablarini tamomladilar. 11-sinf bitiruvchilaridan 14 nafari kumush, 24 nafari oltin medal attestati bilan o‘qishni yakunladi. Bu hali hammasi emas, bitiruvchilarning 39 nafari muddatidan oldin talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan bo‘lsa, 29 nafari xorijiy tillardan xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritgan bo‘lib,  oliy ta’lim imtihonlari uchun imtiyozga ega bo‘ldilar. Albatta, ilmli yoshlarimiz safi tobora ortib borayotganligi barchamiz uchun quvonarli holat.

Bulung‘ur tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabida o‘tkazilgan tadbirga ilg‘or bitiruvchilar va ularning ota-onalari taklif etildi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan tuman hokimi Samandar Astonov bugun ilmli yoshlarga bo‘lgan talab har qachongidanda ortib borayotganligini bildirdi. – Bugun jamiyatimizning istalga sohasini oling, ilm nuqtayi-nazaridan kelib chiqqan holda yondashish talab etilmoqda, deya ta’kidladi tuman hokimi. – Hatto tabiiy boyliklarning ham chegarasi borligi kunday ravshan bo‘lgan bir davrda, dunyoda sun’iy intellekt rivojlanib bormoqda. Kelajak ilmli insonlarniki. Jonajon yurtimiz ravnaqi uchun, farzandlarimiz bizdanda baxtli yashashlari uchun bugungi o‘sib kelayotgan yosh avlod ham bizdanda kuchli, bizdanda bilimli bo‘lishlari shart.

 

Shundan so‘ng sektor rahbarlari tomonidan umumta’lim maktabini oltin va kumush medallar bilan tamomlagan bitiruvchi yoshlarga medallar, ularning ota-onalariga esa tashakkurnomalar topshirildi.

 

Taqdirlash marosimidan so‘ng bitiruvchilarning ota-onalari, buvi-buvalari so‘zga chiqishib, bugun yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida to‘lqinlanib gapirdilar. Yoshlarimiz katta hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun albatta ilm olishlari, kasb-hunar egallashlari lozimligini ta’kidlashdi.

 

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM