FIDOYI JURNALIST

“Bulung‘ur hayoti” gazetasining muxlislari soni kun sayin ortib, yanada o‘qimishli bo‘lib borayotganligida tahririyat xodimlarining har birining o‘z o‘rni bor, albatta. Lekin, jamoada fotomuxbir Rabbim aka Xotamovning o‘rni bo‘lakcha.
Rabbim aka, garchi 73 yoshda bo‘lsada, hozirda ham chaqqon, harakatchan, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshadigan, gazeta uchun olinadigan har bir fotosuratni qayta-qayta sinchiklab ko‘zdan kechirib, eng sifatlisini ajratib, gazetaga joylaydigan, kasbini sevadigan fidoyi jurnalistlardan. Rabbim aka aslida o‘spirinlik davrida ham gazetaga maqola va xabarlar yo‘llab, qalami charxlanib borgan. 1975-yildan boshlab sobiq “Kommunist” gazetasida muxbir, fotomuxbir, korrektor vazifalarida ishlay boshladi.

- O‘tgan asrning 70-yilarida gazetamiz haftada 3 marta, oq-qora rangda chiqardi. Bosmaxonada xarflar qo‘lda terilardi. Qo‘llar qop-qora. Tayyor sahifani o‘qish mushkul. Harflar, suratlar yaxshi ko‘rinmaydi. Shu sababli gazeta tongga yaqin tayyor bo‘lardi. Erta tongdanoq ko‘zlarni ishqalab, yangi gazetani ko‘zdan kechiramiz... Gazeta chiqarish ishi haqiqiy “igna bilan quduq qazish” bilan barobar edi, - deya xotirlaydi Rabbim Hotamov.

R.Xotamov 1980-yilda Sirdaryo Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini, 1985 yilda viloyat “Lenin yo‘li” gazetasi huzuridagi ikki yillik “Ishchi-dehqon muxbirlari universiteti”ni bitirdi. “Ovozi Samarqand”, “Samarkandskiy vestnik” va “Zarafshon” gazetalari hamda viloyat radiosi to‘lqinlarida muntazam tumanimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, yangiliklar va bunyodkorlik ishlarini yoritib borardi.

- Gazetadagi ish faoliyatim orqali iqtisodiy boylik orttirmagan bo‘lsam-da, ma’naviy boylikka erishdim. Tuman aholisining “Muxbir aka” deb hurmat qilishining o‘zi men uchun katta boylik. Kasbim tufayli bir necha marta viloyat foto ko‘rik-tanlovlari g‘olibi, Respublika ko‘rik-tanlovlari ishtirokchisi bo‘ldim, - deydi faxr bilan R.Hotamov. 

Gazetamizning yoshi ulug‘, nuroniy fotomuxbiri Rabbim aka Hotamov gazetamiz sahifalarida tumanimizda ro‘y berayotgan yangiliklarni yoritib borish barobarida yosh ijodkor xodimlarga ham maslakdosh bo‘lib kelmoqda. Tahririyatimiz xodimlari gazeta jonkuyari, fotomuxbiri Rabbim Hotamovni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan chin dildan muborakbod etadi. 

 

To‘lqin SHERBOEV.   

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM