Bulung‘ur tuman hokimligi Axborot xizmati bayonoti

Hurmatli bulung‘urliklar, aziz yoshlar!

Joriy yil 20-iyun, dushanba kuni Bulung‘ur tumanida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida keng qamrovli yoshlar festivali o‘tkaziladi.

Mazkur festival erta tongdan, ya’ni soat 7:00 da “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida ommaviy yurish marafoni bilan boshlanadi. Unda tuman hokimi Samandar Astonov, sektor rahbarlari, tumandagi barcha tashkilot va muassasalarning rahbar hamda xodimlari, keng jamoatchilik faollari, yoshlar, ko‘ngillilar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Marafon ishtirokchilari dastlab tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi binosi oldidan Mingchinor markazi tomon, bolalar o‘smirlar sport maktabi filaliga qarashli sport maydoniga qadar piyoda yurib borishadi. Shundan so‘ng stadionda ommaviy ravishda ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari baajariladi.

Mashg‘ulotlardan so‘ng maydonda harbiy texnikalar namoyishi, ko‘rgazmali qo‘l jangi chiqishlari, harbiy orkestr chiqishlari, kamondon o‘q otish, zamonaviy ko‘chma TIR, aveomodellar ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Shuningdek sportchilar tomonidan futbol, boks, erkin kurash, taekwon-do, yunon-rum kurashi, volleybol, stritbol, o‘zbek jang san’ati kabi 8 turdagi sport turlaridan chiqishlar, sport musobaqalari tashkil etiladi. Kun davomida tuman hokimligi Madaniyat bo‘limi tomonidan konsert dasturlari namoyish etilib boriladi.

Shu bilan birga loyiha doirasidagi dasturlarning ikkinchi to‘lqini tumandagi 1-son kasb-hunar maktabida davom etadi. Bu yerda soat 9:00 da sektor rahbarlari boshchiligidagi yoshlar jamoalari, korxona va tashkilotlarning yoshlaridan iborat jamoalar ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yinini o‘tkaziladi.

Soat 10:00 dan boshlab mazkur kasb-hunar maktabi hovlisida kibersport, kompyuter o‘yinlari, robototexnika ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Maktab hovlisida soat 16:00 ga qadar yoshlarni ishga joylashtirish maqsadida “Mehnat yarmarkasi” tashkil etiladi. Bunda tumandagi korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari namoyishi bo‘lib o‘tadi.

Soat 14:00 da mazkur kasb-hunar maktab hovlisida “Bir nuroniy o‘nta yoshga ma’naviy homiy” loyihasi doirasida ikki avlod uchrashuvi o‘tkaziladi.

Soat 12:00 dan 16:00 ga qadar esa aynan shu manzilda, ya’ni 1-son kasb-hunar maktabi hovlisida kitobxonlik ko‘rgazmasi va yarmarkasi, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” va “Mushoira” tanlovlari o‘tkaziladi, hunarmandchilik yarmarkasi, qo‘g‘irchoq teatri hamda tasviriy san’at ko‘rgazmasi, tumandagi 9-son va 20-son Bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilarining doirachilar, dutorchi qizlar, maqomchilar, an’anaviy cholg‘ular, raqs kabi ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etiladi.

Shu bilan birgalikda, soat 12:00 da “Future school” nodavlat ta’lim maktabida bolajonlar uchun tashkil etilgan yozgi sog‘lomlashtirish oromgohining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Shu kuni soat 18:00 dan 23:00 ga qadar “Mingchinor olimpiya” o‘yingohida katta galakonsert bo‘lib o‘tadi. Unda Toshkent shaxridan tashrif buyurgan san’atkorlar - afsonaviy “Setora” guruhi, Osman Navro‘zov, VIA Marokanda, Sardor Toirov, shuningdek poytaxt va viloyatimizdan tashrif burgan boshqa san’atkorlar, estrada yulduzlari ishtirok etib, bulung‘urliklar uchun kuylashadi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Shu kuni tonggi piyoda yurish marafoni va kechki galakonsert munosabati bilan jamoat tartibini saqlash va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida ayrim ko‘chalarda avto-mototransport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi. Shuningdek, tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarda tez tibbiy-yordam ko‘rsatish brigadalari navbatchiligi tashkil etiladi.

Hurmatli yoshlar, qadrli bulung‘urliklar!

Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, yoshlar oyligi doirasida bu kabi keng qamrovli festival tumanimizda ilk bor tashkil etilmoqda. Festival doirasidagi tadbirlarda siz ham faol ishtirok eting! Keling, ezgu maqsadlar yo‘lida birlashaylik!

Hurmat bilan, Bulung‘ur tumani hokimligi Axborot xizmati.

2015-2022 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM