Imtiyozli kredit olish va uni o‘zlashtirishda uddaburon fuqaroning qilmishi mahallada muhokama qilindi

Bugun joylardagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, hatto sud majlislari mahallalarda o‘tkazilmoqda. Maqsad, bundan boshqalarning ham xulosa qilishi, kelgusida bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish.

 

Xususan, bugun Bulung‘ur tumani Nurli yo‘l mahallasining 1989-yilda tug‘ilgan fuqarosi D.D.ning budjetdan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan belgilangan maqsadda foydalanmasdan, o‘zlashtirish va rastrata qilish bilan talon-taroj qilganligi holati yuzasidan sodir etilgan jinoyatni muhokama qilish hamda kelgusida mahalla hududida bu kabi ko‘ngilsiz holatlarning kelib chiqishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash maqsadida o‘tkazildi. Unda 1-sektor rahbari Samandar Astonov, mahalla mas’ullari va mahalla fuqarolari ishtirok etishdi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, D.D, fuqaro S.T.ni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib, ATB “Mikrokreditbank” Bulung‘ur filiali tomonidan 08.05.2020 yilda “Hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanish” uchun YaTT D.D.ga ajratilgan 30.0 mln so‘m, AT “Xalq banki” Bulung‘ur filiali tomonidan 03.07.2020 yilda “Tikuv mashinalari sotib olish uchun” tanishi YaTT T.S.ga ajratilgan 24,0 mln so‘m, shuningdek, ATB “Agrobank” Bulung‘ur filiali tomonidan 20.10.2018 yilda “Ixcham issiqxona qurish uchun” yangasi R.E.ga ajratilgan 25,0 mln so‘m, 25.04.2020 yilda “Ixcham issiqxona qurish uchun”  fuqaro D.D.ning o‘ziga ajratilgan 18,0 mln so‘m, 25.04.2019 yilda “Urug‘chilik kartoshka yetishtirish uchun” akasi A.D.ga ajratilgan 10,0 mln so‘m hamda ATB “Turonbank” Samarqand filiali tomonidan 13.05.2017 yilda “Urug‘chilik kartoshka yetishtirish uchun” yangasi R.E.ga ajratilgan 8,0 mln so‘m, 18.05.2017 yilda “Parandachilik va urug‘lik kartoshka yetishtirish uchun” yangasi G.M.ga ajratilgan 5,0 mln so‘m, jami bo‘lib 120,0 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini olishga erishib, ushbu mablag‘larning 30,0 mln so‘mini “STABLE STANDING AND INITIAL DASH”, 49,0 mln so‘mini “Mirzaboshi Baxrom” MChJga, 28,0 mln so‘mini “Fozil Mingchinor tomorqa xizmati” MChJga va 13,0 mln so‘mini “Malikov Doston Dalasi” FXga o‘tkazib, o‘tkazilgan mablag‘lar evaziga uskuna va mahsulotlarni olmasdan, naqdlashtirib olib, o‘zlariga ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo‘lgan budjetdan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan belgilangan maqsadlarda foydalanmasdan, o‘zlashtirish va rastrata qilish bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan Departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

 

Muhokama davomida so‘zga chiqqanlar sodir etilgan har bir jinoyat uchun jazo muqarrarligini, barchaning qonun oldida teng ekanligini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinligi bilan birga majburiyatlari ham borligini, bu esa o‘z navbatida ulardan atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmaslikni talab etishi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

 

Muhokama so‘ngida kelgusida bunday huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM