Turizm sohasida yangi imkoniyatlar: mahalliy aholiga nimalar va’da qilinmoqda?

Joriy yil 26-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida turizm sohasini yanada rivojlantirish, ichki turizm bozorini kengaytirish, turizm ob’ektlarini ko‘paytirish hamda muzeylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

 

Quyida e’tiboringizga ichki turizm borasidagi, ya’ni siz-u bizning foydamizga xizmat qilishi kutilayotgan ijobiy yangiliklarga to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.

 

Yig‘ilish davomida, “Joriy yilda Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangani, 250 ta mehmonxona va muzeylar aholiga chegirma bergani, ziyorat ob’ektlari bepul qilingani ichki turizm uchun katta turtki berdi” deya ta’kidladi davlat rahbari. Mazkur imtiyozlar fonida Buxoro va Samarqandga qo‘shimcha 110 ming mahalliy turistlar jalb qilingan.

 

Yig‘ilishda kelgusi haftada Ramazon hayiti munosabati bilan ham aholiga yana 5 kunlik dam olish berilishi, bu ham hududlarda ichki turizmni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘lishligi ta'kidlandi.

 

Qayd etilishicha, endi ushbu ishlarni faqat bayramlar arafasida emas, balki yil davomida tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Jumladan, 2022-yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xodimlari uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

 

Bundan tashqari, 1 sentabrdan boshlab, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilayotgan fuqarolarga:

- avia, temir yo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizini (aviatransportga 200 ming so‘mgacha, temir yo‘l va avtobusga 100 ming so‘mgacha);

- mehmonxona xarajatining 20 foizini (bir kecha uchun – 80 ming so‘mgacha);

- muzey va boshqa madaniyat ob’ektlariga chipta narxining 50 foizini (bitta ob’ekt uchun – 20 ming so‘mgacha) qaytarish tizimi joriy etiladi.

 

Bayram kunlari va festivallarda aholining faol sayohat qilishiga qulay sharoit yaratish uchun qoshimcha avia, temir yol va avtobus qatnovini tashkil etish zarurligi korsatib otildi. Bunda chiptalarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.

 

Yig‘ilishda muzeylar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, transport xizmatini takomillashtirish borasida bir qancha vazifalar belgilandi. Jumladan, 1-oktabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan yangi “Silk avia” aviakompaniyasi tashkil etilishi ma’lum qilindi.

 

O‘ylaymizki, aholiga qulaylik yaratish maqsadida joriy etilayotgan bu kabi imtiyoz va yangiliklar yurtdoshlarimizning oila yoki do‘stlar davrasida sayohat qilib, yurtimizning betakror go‘zalliklaridan bahra olish, madaniy hordiq chiqarishlarida ayni muddao bo‘ladi. Zero, yaxshi dam – mehnatga hamdam!

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM