Qishloq xo‘jaligidagi muammoli masalalar muhokama qilinib, zaruriy vazifalar belgilab olindi

Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov raisligida o‘tkazilgan navbatdagi muhokama yig‘ilishida qishloq xo‘jaligidagi kamchiliklar tahlil qilindi.

Sohaga aloqadar tashkilotlarning rahbar va mas’ul xodimlari, agrofirma raislari ishtirok etgan yig‘ilish kun tartibida dastlab Bulung‘ur tumanida 2022-yil hosili uchun g‘alla parvarishi hamda kuzgi shudgorlash ishlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tahlil qilindi. Xususan, “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, tumanning Fozil Yo‘ldosh agrofirmasi hududida 64 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 470 gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekilgan. Tanlov asosida 15 ta fermer xo‘jaliklarining g‘alla maydonlari o‘rganilganda quyidagi kamchiliklar aniqlangan:

  • Laziz trans MChJga qarashli 0,5 gektar tut qator oralari shudgor qilinmagan.
  • “Donoboev Shuxrat dalasi” fermer xo‘jaligining 1 gektar bog‘ qator oralari shudgor qilinmagan, g‘alla maydonalariga mahalliy o‘g‘it jamg‘arilmagan.
  • “Parvina Farzoda” fermer xo‘jaligi tomonidan ekilgan g‘alla madonlariga mahalliy o‘g‘it jamg‘arilmagan, 1  gektar maydon bugungi kungacha shudgor qilinmagan.
  • “Zarnigor Serhosil” fermer xo‘jaligi tomonidan ekilgan g‘alla madonlariga mahalliy o‘g‘it jamg‘arilmagan,  0,5  gektar maydon bugungi kungacha shudgor qilinmagan.

 

Muhokamalar davomida tuman hokimi aniqlangan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan qo‘shimcha axborot berish vazifaisni topshirdi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida fermer xo‘jaliklarining soliq qarzdorligi masalasi muhokama etildi. Xususan, tumandagi “A.Qayumov” nomli fermer xo‘jaligi misol sifatida olinib, 25 gektar yer maydoni bo‘lgani holda soliq hisobotlarida bir nafar ishchi ko‘rsatganligi tanqid qilindi. Sababi, bir kishi amalda 25 gektar maydondan samarali foydalana olishi imkonsiz bo‘lib,  bu soliq majburiyatidan qochish maqsadida ko‘rilgan tadbirdir.

Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borish har bir fuqaroning qonun bilan belgilangan burchi ekanligi, undirilgan soliq mablag‘lari ham shu tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga yo‘naltirilishi, demakki masalaga jiddiy yondashish lozimligi bildirildi.

Tumanning “Zarafshon” agrofirmasi hududida ekoturizm hamda baliqchilikni rivojlantirish uchun 11 nafar tadbirkorga yer maydonlari ajratib berilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar yerlarning barchasidan ham unumli foydalanilmayotganligi yoki boshqa maqsadlarda foydalanishga urinishlar kuzatilmoqda. Yig‘ilish davomida tuman hokimi loyiha tashabbuskorlari bilan suhbatda bo‘lib, mazkur masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. Yerlardan aynan qarorda ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanilishi lozimligi, aks holda tadbirkorlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq ta’sir choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi. Zaruriy tashkilotlardan vakillar biriktirilgan holda tuman ishchi guruhi tuzilishi va har bir holat joyida o‘rganilishi belgilandi.

Yig‘ilish davomida tumandagi la’lmi yerlardan ham unumli foydalanish masalalari muhokama etilib, kelasi hafta seshanba kuniga qadar masala yuzasidan qo‘shimcha taklif kiritilishi belgilandi.

 

Kun tartibida ko‘rilgan har bir masala yuzasidan zaruriy vazifalar belgilab olindi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM