Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash: Bulung‘urda bugungi holat qanday?

Bugungi vaziyat qanday?

Bugungi kunda Bulung‘ur tumanida 27 957 ta suyultirilgan gazga ixtisoslashgan xonadonlar mavjud bo‘lib, jami aholi xonadonlarining 82% qismini tashkil qiladi. Mazkur xonadonlar uchun jami 29 392 ta maishiy gaz ballonlari ijaraga berilgan. Ya’ni, bir xonadonda ikki va undan ortiq oila yashashligi ham inobatga olingan. Xususan, 2021 yil yanvar – sentabr oylarida 830 ta maishiy gaz ballonlar olib kelingan.

Aholiga 5 ta “ISUZU” rusumli avtomashinalar xizmat ko‘rsatadi. Ularning har biriga 105 tadan, jami 525 dona maishiy gaz ballonlari sig‘adi.

Bo‘lim tomonidan joriy yil 9 oylik yakuniga ko‘ra 3 383 t. 470 kg. suyultirilgan gaz tarqatilishi reja qilingan bo‘lsada, bugungi kunga qadar 3 102 t. 460 kg. suyultirilgan gaz iste’molchilarga yetkazib berilgan. Demak, bo‘lim belgilangan rejadan ortda qolmoqda.

 

Muammo nimada?

Xo‘sh, bo‘lim nima sababdan rejadan ortda qolmoqda? Ma’lumki, tizimda korrupsiyaning oldini olish, gaz narxining sun’iy ravishda oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida avtomatlashgan tizim joriy etildi: iste’molchilarga ID kartalar berilmoqda. Ayni vaqtga qadar 27 061 ta ID kartalar rasmiylashtirildi. Qolgan qismiga ham buyurtma berilgan. Bo‘lim xodimlarining ta’kidlashicha, mazkur tizim joriy etilishi natijasida 1 nafar oila uchun faqat 1 dona maishiy gaz balloni to‘ldirib berilmoqda. Natijada bo‘limda “aylantirish” ya’ni, to‘ldirib kelish uchun ortiqcha bo‘sh ballonlar qolmayapti. - Elektron tizim joriy etilishidan oldin esa, aholi qo‘lidagi ro‘yxatga olinmagan bo‘sh ballonlar ham topshirilar va qo‘limizda ortiqcha ballonlar bo‘lar edi, deyishmoqda bo‘lim mas’ullari. Shuningdek, uyma-uy yurib bo‘sh ballon yig‘ish ham vaqt talab qilmoqda. Bundan tashqari bugungi kunda 1 074 ta ballonlar ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan va hozirda iste’molda emas. Bu ham gaz ballonlarda tanqislikni yuzaga keltirmoqda. Yuqoridagi sabablarga ko‘ra joylarda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda rejada ortda qolinmoqda.

 

Muammoning yechimi nimada?

Suyultirilgan gaz iste’molchilarining haqli e’tirozlari inobatga olingan holda, “Hududgaz Samarqand gaz ta’minoti filiali” rahbariyati Bulung‘ur tumaniga taklif etildi. Muammolar joyida tahlil qilinib, ularni ijobiy hal etish, aholini o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash choralari muhokama qilindi.

Natijada tuman uchun sig‘imi 160 ta gaz ballon bo‘lgan yana 1 ta “SHACMAN” rusumli yuk avtomashinasi ajratildi. Ushbu avtomashina bo‘lim tomonidan belgilangan rejaga yetgunga qadar tuman uchun xizmat qilishi belgilandi. Natijada bir kunda 685 tagacha maishiy gaz baloni tarqatish imkoniyati yaratildi. Bo‘lim xodimlari mazkur quvvatda ish tashkil etilishi natijasida 10-12 kun ichida belgilangan rejaga yetib olishlarini bildirishmoqda.

Bundan tashqari, gaz ballonlarining kelishi va ularni aholiga o‘z vaqtida, adolatli taqsimlanishida mahalla raislari va ularning huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari mas’ul etib belgilandi. Avtomashinalar bir mahallada uzoq vaqt qolib ketishining oldini olish maqsadida, maishiy gaz ballonlar ma’lum nuqtalarda jamlanishi lozimligi ta’kidlandi. Joylarda bu masala yuzasidan tartibsizliklar yuzaga kelgan hollarda mahalla mas’ullariga intizomiy chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Xususan, kecha, 28 sentabr kuni tumandagi Beshkuvi mahallasiga 160 ta, O‘roqli mahallasiga 105 ta, Kildon mahallasiga 105 ta, Esonturdi mahallasiga 105 ta maishiy gaz balon tarqatildi va Qirqshodi, Bulung‘ur, Erganakli mahallalaridagi qolgan kamchiliklar to‘liq bartaraf etildi.

Suyultirilgan gaz mahsulotlarini aholiga navbatma-navbat yetkazib berish bo‘yicha yangi grafik ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Endilikda ishlar shu grafik asosida tashkil etilmoqda.

Shunindek, ayni vaqtda foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan maishiy gaz balonlar o‘rnini ham to‘ldirish choralari ko‘rilmoqda.

 

Iste’molchilar sohaga oid qonunbuzilish holatlari yoki muammolar yuzasidan murojaatlarini tuman hokimligiga (@Bulungur_press_chat, @Bulungur_aloqabot) yoki bo‘lim boshlig‘i Hakimova Dilnavoz (99.134.59.81)ga bildirishlari mumkin.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM