Murojaatlar qabuli – muammolar yechimi

Bugungi kunda aholi murojaatlarini tinglash va ularni qonun doirasida ijobiy hal etish har bir rahbar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Xususan, Bulung‘ur tuman hokimligida ham haftaning seshanba kunlari murojaatlar qabuli kuni sifatida belgilangan bo‘lib, joriy yil 21 sentabr kuni Bulung‘ur tuman hokimligida navbatdagi murojaatlar qabuli bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimligi yozgi majlislar zalida o‘tgan qabul davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tinglandi. Unda  fuqarolar o‘z murojaat va takliflari bilan bevosita tuman hokimi Baxodir Baxromovga murojaat etdilar.

 

Ta’kidlash kerakki, qabulga kelgan fuqarolarning tashrifdan maqsadi, muammo va takliflari ham turli mazmunda. Shunga ko‘ra qabulda tumandagi korxona va tashkilot rahbar va mas’ul xodimlari ham ishtirok etishib, har bir murojaat shu joyning o‘zida atroflicha muhokama qilinib, zaruriy chora-tadbirlar belgilab berildi. Ayrim murojaatlar yuzasidan huquqiy tushunchalar berilgan bo‘lsa, ayrim murojaatlar joyiga chiqqan holda, qo‘shimcha o‘rganilishi belgilandi.

 

Qabul so‘ngida tuman hokimi murojaatlarning aksariyati hal etsa bo‘ladigan mazmunda ekanligini, faqat ularga o‘z yaqin qarindoshi yoki o‘ziniki kabi yondashish lozimligini ta’kidladi. Qabul davomida bildirilgan barcha murojaat va takliflar ijrosi yuzasidan hafta yakuni - shanba kuniga qadar ma’lumot kiritilishi lozimligini ta’kidladi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM