“Obod qishloq” Davlat Dasturi ijrosi sayyor sessiyada muhokama etildi

Bugun yurtimizda “Obod mahalla”, “Obod qishloq” davlat Dasturlari tufayli olis manzillar ham obod bo‘lmoqda. Dastur doirasida ushbu manzillarga yo‘l, suv, elektr, gaz bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topib, maishiy va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

 

Bulung‘ur tumanida ham joriy 2021 yilda Xo‘jamazgil mahallasi Farmontepa qishlog‘i hamda Mingtepa mahallasi Birlik qishlog‘i “Obod qishloq” davlat Dasturiga kiritilgan bo‘lib, yakunda mazkur qishloqlarning qiyofasi tubdan o‘zgarishi rejalashtirilgan edi. Bugunga qadar tumanning Xo‘jamazgil qishlog‘ida ishlar yakunlanib, Birlik qishlog‘ida bunyodkorlik ishlari davom ettirilmoqda. Joriy yil 13 sentabr kuni o‘tkazilgan xalq deputatlari Bulung‘ur tuman Kengashining qo‘shma sessiyasida mazkur jarayonlar muhokama etilib, chuqur tahlil qilindi.

 

Birlik qishlog‘ida sayyor tartibda o‘tkazilgan sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, viloyat Kengashiga Bulung‘ur tumanida joylashgan saylov okruglaridan saylangan deputatlar, viloyat prokurori Ravshan Masharipov, viloyat hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Shukurov, tuman hokimining kun tartibidagi masalaga aloqador o‘rinbosarlari, viloyat va tuman miqyosida sohaga aloqador boshqarma va bo‘lim rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda qishlq aholisi ishtirok etishdi.

 

Kengash raisi Baxodir Baxromov raisligida olib borilgan sessiya davomida “Obod qishloq” Davlat Dasturi doirasida Mingtepa mahallasi, Birlik qishlog‘ida olib borilayotgan ishlarning sifatli bajarilishi masalalari muhokama etildi. Jumladan, yo‘l, suv, elektr, suyultirilgan gaz masalalarida viloyat boshqarma rahbarlari so‘zga taklif qilinib, o‘z yo‘nalishlarida qishloqdagi qanday ishlar amalga oshirilganligi, yana nimalar rejalashtirilgan va qancha muddatda to‘liq yakuniga yetkazilishi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

 

Xususan, bugunga qadar qishloqda 32 umumta’lim maktabiga qo‘shimcha bino qurilmoqda, 5.5 km. masofaga ichimlk suvi tarmog‘i tortilgan, 2 ta suv inshooti qurilishi rejalashtirilgan, 6.2 km. masofaga qum-shag‘al yotqizilgan bo‘lib, 2.7 km. masofaga asfalt yotqizilishi rejalashtirilgan. 1.5 km. piyodalar yo‘laklari qurildi.Qishloqda 1 dona transformator, 40 ta tayanch ustunlar o‘rnatildi, 1.8 km. masofaga tarmoq tortildi. 36 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Shuningdek, qishloqda mahalla binosini va qishloq vrachlik punktini ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

 

Sessiya davomida kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Shuningdek, qishloq aholisi ham o‘z savol va takliflari bilan murojaat qilishib, tegishli soha rahbarlaridan javob olishdi.

 

Sessiya yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Dastur doirasidagi barcha ishlar sifatli bajarilgan holda qisqa fursatda yakunlanishi lozimligi belgilandi.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM