Bulung‘ur tuman hokimligi axborot xizmati bayonoti

Bulung‘ur tumanida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar diqqatiga!

 

Xabaringiz bor, respublikamizning boshqa hududlari qatorida Bulung‘ur tumanida ham “Ayollar daftari” yuzasidan ro‘yxat shakllantirilgan bo‘lib, ayollarni bildirilgan muammolari yuzasidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi.

 

Ayni vaqtda tumanda 1 iyuldan 10 iyulga qadar xonadonma-xonadon yurish orqali xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish ishlarini tashkil etish hamda joriy yil 15 iyulga qadar “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimining 2-bosqichida ehtiyojmand xotin-qizlarning ro‘yxatlarini shakllantirish ishlarini yakuniga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.

 

Shundan so‘ng, mazkur ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini hal etish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” loyihasi loyihasi ishlab chiqiladi. Shu yilning 15-16 iyul kunlariga qadar “Ayollar daftari”ga kiritilishi tavsiya etiladigan xotin-qizlarning ro‘yxatlarini hamda “Yo‘l xaritasi” loyihasini xalq deputatlari tuman Kengashiga tasdiqlash uchun kiritilishi lozim bo‘ladi.

 

“Ro‘yxat” hamda “Yo‘l xaritasi” deputatlar tomonidan tasdiqlangach, 20 iyulga qadar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlar avtomatlashtirilgan elektron platformaga kiritiladi.

 

 “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimini yuritish, bunda mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, ma’lumotlar va ko‘rsatilgan amaliy yordamlarning haqqoniyligi bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat va javobgarlik sektorlar rahbarlari, tuman (shahar) hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari zimmasiga yuklatiladi.

 

Hurmatli xotin-qizlar!

Agar sizda “Ayollar daftari”ga kirishga ehtiyoj mavjud bo‘lsa, o‘zingiz yashab turgan mahalla raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga murojaat qilishingiz mumkin. Sizning muammoyingiz, oilaviy holatingiz ishchi guruh tomonidan o‘rganiladi va lozim topilsa ro‘yxatga TAVSIYA etiladi.

 

Eslatib o‘tamiz, ro‘yxat xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputatlari tomonidan TASDIQLANADI.

2015-2024 © Булунғур туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM