SamDAQU: Barcha adabiyotlar saqlab qolinadi

Bulung'ur tumanidagi kop yillik tarixga ega kutubxonaning yopilayotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti munosabat bildirdi.

"Bulung‘ur tumanida joylashgan ARM filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi PQ-381-sonli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, haqiqatdan ham yaqingacha SamDAQU hisobida bo‘lgan.

Bino haqida. Bulung‘ur shahrining Amir Temur ko‘chasida joylashgan bir qavatdan iborat filial binosi asosiy devorlari hom g‘ishtdan qurilganligi, bino poydevorlari cho‘kkanligi, tom yopmalari yaroqsiz holatga kelganligi, pol va shiftlarning shuningdek eshik va romlar ham to‘liq ta’mirtalabligi, foydalanish muddati tugaganligi, bino yaroqsiz holatga kelganligi, isitish tizimi ham qoniqarsizligi, mavjud binoni kapital ta’mirlash maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi tegishli tashkilotlarning xulosasi berilgan.

Yuqoridagi xulosalarga tayanib universitet rahbariyati tomonidan filial binosini davlat-xususiy sherikchilik asosida qayta qurish maqsadida yuqori turuvchi tashkilotlarga rasmiy xatlar bilan murojaat etilgan.

Ushbu binoning holati qoniqarsiz ekanligi shu kunga qadar OAV vakillari tomonidan ham bir necha bor yoritilgan.

Bugungi kunda filial binosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.03.2022 yildagi PQ-168-son qaroriga ko‘ra iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat aktivlarini shaffof holda xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida qabul qilingan qaror bilan universitet balansidan chiqarildi.

Universitet ma’muriyati Bulung‘ur tuman hokimiyatidan kitoblarni saqlash va Bulung‘ur xalqi ushbu kitoblardan foydalanishlari uchun tuman hokimiyatidan amaliy yordam so‘ragan. Filialdagi bino xonalarining namligi o‘quv adabiyotlarni saqlash holatiga javob bermasligi tufayli tumanda axborot-kommunikatsiyalar markazi qurilgunga qadar adabiyotlar vaqtincha tuman tasarrufidagi boshqa binoga ko‘chirilmoqda.

Filial fondida jami kitoblar soni 30242 dona bo‘lib, shundan yangi kitoblar soni 1141 donani tashkil etadi. Hozirda adabiyotlar inventarizatsiya qilinmoqda. Ammo mavjud kitoblarning hech qaysi makulaturaga topshirilmaydi. SamDAQU barcha adabiyotlar saqlab qolinishini kafolatlaydi." deyiladi Unversitet munosabatida.
 

2015-2024 © Хокимият Булунгурского района. Разработан в: SAKTRM