Tuman hokimining “Ayollar daftari”da turgan ayollar bilan uchrashuvlari davom etmoqda

Bulung‘ur tumani hokimi Baxodir Baxromov joylarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan individual suhbatlar olib borayotganligi to‘g‘risida ma’lumot bergan edik. Ana shunday uchrashuvlardan biri bugun, 9 avgust kuni Bulung‘ur tumani 1-son kasb-hunarga o‘rgatish markazida bo‘lib o‘tdi.

 

Istiqlol va Yangiqo‘rg‘on mahallalarida 72 nafar 30 yoshdan oshgan ayollar “Ayollar daftari”ga ro‘yxatga olingan bo‘lib, tuman hokimi bilan suhbat erkin muloqot ruhida bo‘lib o‘tdi. Hokim ular bilan suhbatlashar ekan, ro‘yxatga kiritilishining sababi nima bo‘lganligi va muammolari qay tartibda hal etilishi rejalashtirilayotganligi bilan, shuningdek, ro‘yxatdagi ayollarning qiziqish va qobiliyatlari, istaklari bilan qiziqdi.

Suhbat davomida uchrashuvga kelganlarning barchasi ham murojaat bilan kelmaganligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, hozirda Bulung‘ur tumani Istiqlol mahallasida istiqomat qilayotgan, asli Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan Karmisheva Mayram tuman hokimiga minnaddorchilik bildirish uchun kelganligini ma’lum qildi. Sababi, fuqaro muqaddam “Temir daftar”da turgan. Unga tikuv mashinasi berilgan va 6 oy davomida tuman tibbiyot birlashmasida bepul davolanib kelgan. Karmisheva Mayram boshqa yurt fuqarosi bo‘lsada, O‘zbekistonda unga ko‘rsatilayotgan e’tibordan minnaddor ekanligini bildirdi.

 

Shuningdek, uchrashuvda Istiqlol mahallasi fuqarosi Misirova Shaxora qizining opersiyasini tezlashtirish lozimligini bildirdi. Tuman hokimi bu borada mas’ullarga ko‘rsatmalar berib, natijasi yuzasidan ma’lumot taqdim etishlarini tayinladi.

Umuman, joylarda o‘tkazilayotgan bu kabi uchrashuvlar ro‘yxatga olingan ayollarni yaxshiroq tushunish va ular bilan yanada samaraliroq ishlash imkonini bermoqda.

2015-2021 © Хокимият Булунгурского района. Разработан в: SAKTRM