“Bog‘cha” puli qancha ekanligini bilasizmi?

Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdori qancha? Ushbu mazmundagi savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Mazkur to‘lov miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi “2021 yil uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 256-sonli Qarori asosida tartibga solinadi.

Unga ko‘ra, 10.5 soatlik ish kunida faoliyat yurituvchi va tuman markazlarida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdori tashkilotga qatnovchi bitta bola uchun 183 000 so‘m, agar tashkilotga bittadan ortiq bola qatnasa har biri uchun 138 000 so‘m etib belgilangan. Tuman markazidan boshqa joyda joylashgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa, ushbu to‘lov miqdori mos ravishda 167 000 va 133 000 so‘mni tashkil etadi.

Ammo, mazkur Qarorning izoh qismida yozilganidek, Samarqand viloyatining Nurobod, Urgut, Qo‘shrabot, Bulung‘ur va Paxtachi tumanlarida to‘lov miqdori amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, mazkur tumanlar, jumladan, Bulung‘ur tumanida ham ota-onalar to‘lovi miqdori tuman markazida bir bola uchun 91 500 so‘m, ikki va undan ortiq bola uchun 69 000 so‘mdan, boshqa joylarda esa, bir bola uchun 83 500 so‘m, ikki va undan ortiq bola uchun 66 500 so‘mdan bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Bulung‘ur tumanida 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10 va 34-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tuman markazida joylashgan.

2015-2024 © Хокимият Булунгурского района. Разработан в: SAKTRM