Hokim yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim asosida Oqtosh mahallasidagi yoshlar muammolarini o‘rgandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan joriy yilning 11-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilangan edi.

 

Yangi tizimga muvofiq, Bulung‘ur tumanidagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ular 3 toifaga ajratildi. Ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanishi belgilandi.

Xususan, tuman hokimi Samandar Astonov tumanning olis va og‘ir hududlaridan bo‘lgan Oqtosh mahallasidan ro‘yxatga olingan 26 nafar yoshlar uchun mas’ul sifatida belgilangan. Hokim Xalq qabulxonasi mudiri Sh.Narmatov hamrohligida mahalladagi yoshlar bilan uchrashib, ularning muammo, qiziqish va takliflarini o‘rgandi. Ayrim yoshlarning xonadonlarida bo‘lib, ota-onalari bilan suhbatda bo‘ldi, yashash sharoiti yaqindan o‘rganildi. Suhbat davomida bildirilgan fikrlar asosida mazkur yoshlar bilan ishlash borasida kelgusi vazifalar belgilab olindi.

Eslatib o‘tamiz, yangi tizimga ko‘ra, tumanning har bir mahallasiga 1 nafardan sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda tumandagi tashkilot va muassasalarning rahbarlari mas’ul etib belgilangan.

2015-2024 © Bulung‘ur tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM