Bulung‘ur tumanida ijro intizomi holati o‘rganildi va natijalar tahlil qilindi

Viloyat hokimligining ishchi guruhi tomonidan Bulung‘ur tumani hokimligi, korxona va tashkilotlarida ish yuritish, hujjatlar ijrosi nazorat tartibida o‘rganildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan muhokamada tuman hokimi Samandar Astonov, sektor rahbarlari, viloyat hokimligi Ijro nazorati bo‘limi rahbari Zafar Rahimov, hokimlik apparati, tumandagi korxona va tashkilotlarning rahbar hamda ijro intizomi uchun mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

 

Ishchi guruh a’zolari tomonidan tanlanma asosida tumandagi tashkilotlarda ijro intizomi, hujjatlar bilan ishlash holati o‘rganilganda bir qator qo‘pol xato va kamchiliklar ma’lum bo‘lgan. Jumladan, “Mikrokreditbank” ATB Bulung‘ur filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari A.Xaydarov tomonidan joriy yil 14 oktabr kuni “Qo‘ng‘irot” mahallasida sayyor qabul o‘tkazilganligi yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Mahalla hokim yordamchisi bilan bog‘lanilganda sayyor qabul o‘tkazilmaganligini ma’lum oydinlashgan.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan 1-IDUM o‘rganilganda maktab bufetida O‘zbekiston Respublikasi davlat sanitariya bosh vrachining tegishli qarori bilan ta’lim muassasalarida tayyorlanishi hamda sotilishi man etilgan oziq-ovqat mahsulotlar va taomlar savdosi keng yo‘lga qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan.

Muhokama davomida ”IS_DocFIow” dasturi orqali hujjatlar aylanmasida, hukumat qaror va farmonlari, yig‘ilish bayonlari ijrosini ta’minlashda muddatlarning buzilganligi kuzatilgan. Bundan tashqari sektor kotiblari tomonidan ham IS_DocFIow tizimi orqali kelgan hujjatlar ochib bilan ishlashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan.

 

Muhokama davomida har bir soha va yo‘nalishlar kesimida aniqlangan kamchiliklar o‘qib eshittirildi va mas’ullardan izoh talab qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etiish yuzasidan topshiriqlar berilib, 1 oy ichida holat qayta o‘rganilishi ma’lum qilindi.

Muhokama so‘ngida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qancha mas’ullarga intizomiy choralar ko‘rilishi belgilandi.

2015-2024 © Bulung‘ur tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM