Bulung‘urlik ilmli yoshlarning bilimi rag‘batlantirilib, ota-onasiga minnatdorchilik bildirildi

Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan Asosiy fan olimpiadasining maktab bosqichida 4185 (49.6%) nafar o‘quvchilar ishtirok etishdi. Shundan 1160 (13.9%) nafar o‘quvchilar hududiy bosqichda ishtirok etib, tuman bosqichiga saralandi.

Tuman bosqichida jami 12 ta fandan 714 nafar o‘quvchilar ishtirok etishdi. Shundan 107 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Asosiy fan olimpiadasining III viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan 107 nafar o‘quvchilar umumta’lim maktablari kesimida tahlil qilinganida 12 ta o‘rin bilan 1-o‘rinni 69-maktab, 9 ta o‘rin bilan 2-o‘rinni 2-maktab, 7 ta o‘rin bilan 3-o‘rinni tumandagi 1-IDUM o‘quvchilari egalladi.

Shu bilan birga tumanimiz umumta’lim maktablari o‘quvchi yoshlaridan 7 nafari “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichida 3-o‘rinni egallab, respublika bosqichida tumanimiz sharafini munosib himoya qilishgan.

Tuman hokimligida o‘z ilmi ortidan yuqori natijalarni qayd etib kelayotgan mazkur ilg‘or yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi bugun mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor natijasida tumanimiz yoshlari  qo‘lga kiritib kelayotgan natijalarga to‘xtalib o‘tar ekan, ilm har qachon qadr topishini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda fan olimpiadasining tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 107 nafar o‘quvchilar hamda “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichida sovrindor bo‘lgan 7 nafar o‘quvchilar tashakkurnoma, faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, ularning ota-onalariga tuman hokimligining minnatdorchiligi bildirildi.

2015-2024 © Bulung‘ur tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM