2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga muvofiq aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi islohotlarimizni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:

1. Jamoatchiligimiz va xalqimiz bilan keng muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Davlat dasturi ijrosini samarali, qat’iy tartib-intizom asosida tashkil etib, 10 kun muddatda har bir tuman, shahar va mahalla kesimida amaliy chora-tadbirlarni belgilasin hamda keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari ishtirokida muntazam ravishda mas’ul shaxslarning hisobotini eshitib borsin.

Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlarga Davlat dasturining bajarilishini tumanlar, shaharlar va mahallalarga borib o‘rganish, mas’ul davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.

2. Xalqimizning og‘irini yengil qilish, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va ularning xarajatlarini tejash maqsadida, 2023-yil 1-iyuldan boshlab:

a) barcha davlat organlari va tashkilotlarida “Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish” chora-tadbirlari belgilansin.

Vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari 15 kun muddatda o‘z tizimida masofadan turib, shu jumladan, mobil ilovalar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini ko‘paytirish, undiriladigan to‘lovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, ko‘rib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘qitish bo‘yicha tadbirlar dasturini tasdiqlab, aholi va tadbirkorlarga e’lon qilsin;

b) davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 tagaYagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkazilsin;

v) aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilsin;

g) elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatish (fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan) taklifini yuborish yo‘lga qo‘yilsin.

3. 2023 yil 1 sentabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platforma”siga o‘tkazilsin hamda subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

Bunda, subsidiyalar ajratish to‘g‘risidagi arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish imkoniyatini yaratish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar va boshqa korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish ta’minlansin.

4. Fuqarolarning pensiya ta’minotini yaxshilash va pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, 2024-yil 1-yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytirilsin.

5. Nogironlikni belgilashda fuqarolarga qo‘shimcha yengilliklar yaratish maqsadida:

a) 2023-yil 1-apreldan boshlab nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgananatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi;

b) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musaev) 2023-yil 1-aprelga qadar nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasi loyihasini kiritsin, unda:

fuqarolarning mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasidan kelib chiqib nogironlikni belgilash amaliyotidan voz kechib, uning o‘rniga jahon standartlari asosida nogironlikni belgilashga hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotga ijtimoiy moslashuvi va ularning sog‘lig‘ini qayta tiklashga;

nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan, imo-ishora tilidan hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratishga e’tibor qaratilsin.

6. “Yangi O‘zbekiston” massivlarini rivojlantirish va aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 2023-yilda:

“Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 1,6 baravarga oshirilib, 90 mingga yetkazilsin. Bunda, uy-joy hamda ijtimoiy va savdo ob’ektlarini loyihalashtirish va qurishda avtotransport vositalarining turargohlari, shu jumladan, ko‘p qavatli va yerosti avtoturargohlar majburiy ravishda barpo etilishi ta’minlansin;

32 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat budjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltirilsin;

aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, amalga oshirilsin;

xalqaro va mahalliy fond birjalarida “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish uchun kompaniyaning ustav fondi 100 million AQSh dollari ekvivalentiga yetkazilsin. Bunda, ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish hisobiga jalb qilingan mablag‘lar ipoteka kreditlari uchun resurs sifatida banklarga joylashtirilsin.

7. Tashabbusli budjet amaliyotini hamda mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish maqsadida:

2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 8 trillion so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trillion so‘m yo‘naltirilsin;

2023 yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 4 trillion so‘m ajratilsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiev) uch oy muddatda loyihalarni jamoatchilik fikri va “Ochiq budjet” portalida to‘plangan ovozlar asosida moliyalashtirishning samarali tizimini yaratsin va amaliyotga kiritsin.

Bunda, ovoz berish jarayonlarini xolis va ma’muriy aralashuvlarsiz tashkillashtirishning aniq mexanizmlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratilsin.

8. Ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida:

a) 2023 yil 1 sentabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilsin;

b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari amaliyotga kiritilsin.

Bunda:

umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-4-sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish;

5-9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish;

10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinsin;

v) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilsin.

Bunda, ovqat turlari o‘quvchilarning yoshi va sog‘lig‘i holatiga ko‘ra me’yorlangan holda yetkazib berilishi hamda sanitariya talablariga javob berishi ta’minlansin;

g) 2023 yil 1 apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida:

yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etilsin;

davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinsin;

d) professional ta’lim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos bo‘lgan malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida:

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham ajratilsin;

2023 yil 1 sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Yevropa kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash tizimi talablariga to‘liq javob beradigan 1 tadan namunaviy professional ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilsin;

ye) 2023 yil 1 apreldan boshlab:

professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;

professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirilsin.

9. Aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish va fuqarolarni sifatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, shuningdek, bemorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida:

a) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov):

2023 yilda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish;

18-40 yoshli 12,6 million nafar aholini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish, 40 yosh va undan katta yoshdagi surunkali kasalligi bo‘lmagan 6,3 million nafar aholini yurak qon-tomir kasalliklari va qandli diabet, 3 million nafar aholini onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish;

spinal mushak atrofiyasi bilan kasallangan 112 nafar bolani dori vositalari bilan ta’minlash;

250 nafardan ortiq zaif eshituvchi bolada koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish, shuningdek, bunday operatsiyalar o‘tkazilgan 132 nafar bolada nutq protsessorlarini almashtirish choralarini ko‘rsin;

b) vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni berish bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazilsin. Bunda:

vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni berish Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida – 2023-yil 1-iyuldan boshlab, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida – 2023-yil 1-oktabrdan boshlab, respublikaning boshqa hududlarida – 2024-yil 1-yanvardan boshlab elektron shaklga o‘tkazilsin.

2024-yil 1-yanvardan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz shaklda talab qilish taqiqlansin;

v) 2023-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilsin;

g) 2023-yil yakuniga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ambulator va statsionar sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish ko‘lami 30 ming nafarga yetkazilsin.

10. Aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilsin:

aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish;

bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talab va cheklovlarni kuchaytirish;

ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan, tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va ularning iste’molini kamaytirish;

mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;

yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun qisqa to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalarsog‘lomlashtirish mashqlari va gigiena qoidalari to‘plamini yaratish;

ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

11. 2023-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma amal qilish muddati davomida chet el fuqarolari xorijdan olib kelingan shaxsiy avtotransport vositasini olib chiqib ketish muddatini uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan yig‘imni to‘lashdan ozod etilsin.

12. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida 2023-yil 1-iyuldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy o‘rnatilsin.

Adliya vazirligi (A.Tashkulov) Bosh prokuratura (N.Yo‘ldoshev) bilan birgalikda bir oy muddatda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish orqali bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida 2023 yilda:

suv resurslarini boshqarishda uzluksiz tizimni yo‘lga qo‘yish hamda suvni tejaydigan raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga suvni yetkazib berishdagi tabiiy yo‘qotishlar hajmi
10 foizgacha kamaytirilishi;

qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq yetishtirish (o‘stirish) uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkasini oshirish orqali suv solig‘i bo‘yicha tushumlarning bir qismi tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashga yo‘naltirilishi ta’minlansin.

Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.Xamraev) 2023-yil yakuniga qadar:

a)  suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 milliard metr kub suv iqtisod qilinishini hamda 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sug‘orishga yo‘naltirilishini ta’minlasin;

b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiev) bilan birgalikda:

suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimini joriy etish maqsadida 13 mingta suv xo‘jaligi ob’ektlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni Davlat budjeti mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobidan moliyalashtirish;

16 ta yirik nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun kiritsin.

14. Adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash borasida quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalari belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilsin:

jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash amaliyotini yanada kengaytirish maqsadida tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish;

jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibini joriy etish;

advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish talabini bekor qilish.

Oliy sud (B.Islamov), Adliya vazirligi (A.Tashkulov) va Bosh prokuratura (N.Yo‘ldoshev) mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar bo‘yicha tegishli qonunlar loyihalarining Davlat dasturida belgilangan muddatlarda ishlab chiqilib, kiritilishini ta’minlasin.

15. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” g‘oyasi asosida isloh qilish maqsadida:

a) 2023 yil 1 apreldan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushirilsin;

b) 2023 yil 1 dekabrdan boshlab transport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini o‘tkazganligi haqida xabardor qilish huquqi berilsin.

Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi belgilansin.

16. Adliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati:

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqsin;

Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishi hamda kelishilishida amaliy yordam ko‘rsatib borsin;

Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda e’lon qilish va keng tarqatishni ta’minlasin;

monitoring natijalari to‘g‘risidagi axborotni har oyda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasiga kiritib borsin.

17. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjaev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjaev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) muntazam ravishda Davlat dasturining maqsad va vazifalari, shu jumladan, mashhur davlat arboblari, tajribali siyosatshunos, huquqshunos, iqtisodchi va boshqa mutaxassislar ishtirokida keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini ta’minlasin.

18. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib vazirliklar va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                                                                  Sh.MIRZIYoEV

 

Toshkent shahri, 

2023-yil 28-fevral

 

 

2015-2024 © Булунгур туман ҳокимлиги. Maked by: SAKTRM