Hokim OAV vakillarining savollariga javob berdi

Bulung‘ur tumani hokimi Samandar Astonov ishtirokida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda tuman hokimligi va xalq deputatlari tuman kengashi muassisligidagi “Bulung‘ur hayoti” gazetasining jurnalistlari, jamoatchi va nafaqadagi jurnalistlar va erkin ijodkorlar ishtirok etishdi.

 

Matbuot anjumani davomida tugallangan 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda joriy 2023-yilda belgilangan vazifalar haqida so‘z yuritildi.

 

“Bo‘yinbog‘siz” o‘tgan suhbat davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga tuman hokimidan javob olishdilar. Xususan, “Bulung‘ur hayoti” gazetasi muxbiri T.Sherboev aholi bandligini ta’minlash borasida foydalanilmasdan turgan mavjud imkoniyatlar bilan ishlash borasida qanday maqsad va rejalar borligi bilan qiziqdi.

Shuningdek, tadbir davomida “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlarning sifati va davomiyligini ta’minlash, Turkiya va Suriyadagi zilzilardan xulosa chiqargan holda tumanda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning sifatini ta’minlash va nazorat qilish borasidagi ishlar, aholi bandligini ta’minlash maqsadida dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun auksion savdolariga chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi maydonlari to‘g‘risida savollar bildirildi.

Tadbir yakunida tumanda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yangiliklarni aholiga yetkazish bilan bir qatorda jamoatchilik nazoratini ta’minlashda ham OAV vakillarining o‘rni muhim ekanligi ta’kidlanib, tuman hokimining OAV vakillari bilan ochiq suhbatlarini davriy tashkil etilib borilishi bildirildi.

2015-2024 © Булунгур туман ҳокимлиги. Maked by: SAKTRM