Tibbiyot xodimlari kunida yangi tibbiy markaz faoliyat boshladi

Mamlakatimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni etib belgilangan. Bulung’ur tumani hokimligida sana munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbir avvalida tuman hokimi Samandar Astonov so‘zga chiqib, soha xodimlarini kasb bayramlari munosabati bilan samimiy tabrikladi. Shundan so‘ng, bugungi kunda tibbiyot tizimining turli bo‘g‘inlarida xizmat qilib kelayotgan bir guruh soha fidoyilariga tuman hokimligi va tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyatining tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, bayram tadbiridan so‘ng salomatlik posbonlarining xalqimiz salomatligi uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar eshigi - “Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi” va Gemodializ bo‘limining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan nuroniylar, keng jamoatchlik vakillari markazda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishtirildi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur markaz faolyati yo‘lga qo‘yilishi uchun qariyb 8 mlrd. 282 mln. so‘mlik tibbiy jihozlar keltirilgan. Natijada buyrak yetishmovchiligi tufayli doimiy qon tozalab turishga majbur bo‘layotgan 17 nafar fuqarolarimiz uchun qulaylik yaratilib, vildoyatga qatnashlariga chek qo‘yildi. Ularning tibbiy muolajalari uchun har chorakda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 51 mln. so‘mdan mablag‘ ajratib berilmoqda. Markzga, shuningdek, 8 ta sun’iy nafas apparati, 1 ta zamonaviy laparoskop, angiograf, 12 turdagi tahlillarni bir vaqtda bajaruvchi bioximik analizator jihozlari keltirildi.

Albatta, tibbiyot tizimidagi barcha imkoniyalar bugun yurtimizda “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya ostidagi islohotlarning amaliy natijasi bo‘lib, aholining mushkulini yengil qilishga xizmat qiladi, deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Vohid Xudoyqulov. – Mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat, rahbaritning soha e’tibori natijasida salmoqli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholiga qulaylik yaratish maqsadida tumanning Beshkuvi, Chorbog‘, Xo‘jamazgil, Nebo‘sa, Oqtosh, Lalmikor, Olmazor, Mirzaariq, G‘o‘bdin va Yangiobod mahallalariga ko‘chma mahalla tibbiy puktlari keltirilib o‘rnatildi. Natijada mazkur mahallalarda istiqomat qiluvchi 20 mingga yaqin aholiga joyida tibbiy xizmat ko‘rsatish va profilaktik emlash ishlarini olib borish imkoniyati yaratildi.

Joriy yil boshidan 209 mln. so‘mlik mebel jihozlari keltirilib, ko‘p tarmokli markaziy poliklinika filiallariga va oilaviy shifokorlik punktlariga tarkatildi. 2022-yilda tuman tibbiyot birlashma binolarini joriy ta’mirlash uchun mahalliy budjetdan 568 mln. ajratildi.

Joriy yilning 2-choragida Navbaxor patranaj punkti va Cho‘yantepa patranaj punktlariga oilaviy shifokorlik punkti maqomi berilib, to‘laqonli faoliyat boshladi. O‘zaro ma’lumotlar almashinuvini jadallashtirish, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi hamda tibbiyot birlashmaga qarashli barcha tibbiyot muassasalariga optik aloqa liniyalari o‘rnatildi. Bir so‘z bilan aytganda bugun mamlakatimizda tibbiyot xodimlarining obro‘yini oshirish bilan bir qatorda aholiga qulayliklar yaratish borasida ham e’tirof etishga molik o‘zgarishlar ko‘p.

  

Shu o‘rinda, tibbiyot tizimida faoliyat yuritib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni kasb bayrami munosabati bilan muborakbod etamiz. Bayramingiz muborak bo‘lsiN, qadrli salomatlik posbonlari!

2015-2024 © Булунгур туман ҳокимлиги. Maked by: SAKTRM