Bulung‘urda viloyatdagi ilk “Obod mahalla maskani” ochildi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari bilan Qashqadryo viloyati Kaspi tumani Qamashi mahallasi misolida har bir tumanda kamida bittadan “Obod mahalla maskan”larini tashkil etish topshirig‘i berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda jami 23 ta mahallalarda “Obod mahalla maskan”lari tashkil etilmoqda. Bu borada Bulung‘ur tumanida Mingchinor mahalla fuqarolar yig‘inini tanlab olingan bo‘lib, mahalla qiyofasini na’munali tarzda tartibga keltirish, aholiga har tomonlama qulaylik yaratish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi. Piyodalar yo‘laklari, work-out maydonchalari barpo qilindi.

 

Natijada birgina joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida 116 nafar fuqarolar bandligi ta’minlandi. “Temir daftar”ga kiritilgan 34 ta oilalarga va 96 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga turli darajada ko‘mak va yordamlar ko‘rsatilib, daftardan chiqarildi.

 

Mahallada yil boshidan 27 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari: jumladan 21 ta yuridik korxona va 6 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Bulardan 14 tasini zaruriy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari tashkil etadi. Jumladan, 1 ta poyabzal ta’mirlash, 2 ta avtomobillarni ta’mirlash ustaxonalari, 2 ta sartaroshxona, 2 ta tikuvchilik sexi, 1 ta go‘zallik saloni va 6 ta savdo do‘koni tashkil etildi.

“Obod mahalla maskani”ning bugun bo‘lib o‘tgan ochilish tadbirida Samarqand viloyati hokimining 1-o‘rinbosari Jamshid Uroqov, tuman hokimi Samandar Astonov, keng jamoatchilik vakillari, mahalla nuroniylari va faollari, yoshlar ishtirok etishdi.

 

Dastlab ramziy lentalar kesilgach, mehmonlar mahallada aholi va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumot uchun “Obod mahalla maskani” markazi - Mingchinor mahalla binosi atrofida tikuvchilik sexi, o‘quv markazi, hammom, sartaroshxona, buxgalteriya markazi, akfa eshik va romlari ishlab chiqarish, agro xizmat shaxobchasi, hunarmandchilik markazi, umumiy ovqatlanish shahobchalari kabi jami 11 turdagi xizmat ko‘rsatish shaxobchalari faoliyati tashkil etildi va 45 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi. Jumladan, “Temir daftar”ga kiritilgan 3 nafar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 11 nafar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 4 nafar yoshlar hamda mahalladagi 27 nafar ishsiz  fuqarolar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishdi.

  • Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar “Inson qadri uchun!” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Tumanimiz qiyofasini o‘zgartirish va mahalallarni obod qilish borasidagi ishlarimiz ko‘lami birgina Mingchinor mahallasi bilan chelanib qolgani yo‘q. Yil boshidan buyon “Og‘ir hudud” loyihasi doirasida Bulung‘urariq mahallasi obod qilingan bo‘lsa, “Obod qishloq” davlat Dasturi doirasida Bog‘bon mahallasi Bot-bot qishlog‘i hamda Chorbog‘ mahallasi Chorbog‘ qishloqlarida ham obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Tumanimiz qiyofasini o‘zgartirish, manzillarni obod qilish borasidagi sa’yi-harakatlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettirib boriladi, deya ta’kidladi tuman hokimi Samandar Astonov.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tumanda aholi va tadbirkorlarga yaratib berilayotgan qulay muhit va shart-sharoitlarni e’tirof etishdilar. Xususan,  viloyatimizda ilk bor ochilgan “Obod mahalla maskani” loyihasi Bulung‘ur tumanida kelgusida davom ettirilib, tumanning har bir sektori hududida kamida 1 tadan mana shunday na’munali mahalla maskanlari tashkil etilishi ma’lum qilindi.

 

Tadbir davomida tuman “Mahallabay” ishlash markazi tomonidan “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan 37 nafar fuqarolarga motokultivator, tikuv mashina, pishiriq pechi kabi asbob-uskunalar subsidiya tariqasida berildi.

2015-2024 © Булунгур туман ҳокимлиги. Maked by: SAKTRM