Bulung‘urda Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li xotirasini abadiylashtirish choralari ko‘rilmoqda

“Samarqand” gazetasining “www.samarkandnews.uz” veb-saytida “Baxshi ruhi nega bezovta?” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Baxshining qabri ko‘chirilishi bilan boshlangan maqola muallifining xavotiri maqolaning so‘ngida bo‘y ko‘rsatgandek: Balki, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining qabri ikkinchi bor buzilib, suyaklari ota-bobolari mangu qo‘nim topgan qabristonga ko‘chirilib, to‘g‘ri qilingandir. Biroq, Bulung‘urning qoq markazidagi baxshi nomidagi xiyobon o‘rnida qandaydir qurilishlar boshlanishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar ham yo‘q emas”...

Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, maqola muallifining xavotiri o‘rinsiz. Tuman markazidagi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li nomidagi xiyobon yerini sotish emas, baxshi xotirasini abadiylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Darhaqiqat, 2022-yil shoir va baxshi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tavalludining 150 yillik yubileyini keng nishonlashga hozirlik ko‘rilmoqda. Shu munosabat bilan baxshi xotirasini abadiylashtirish maqsadida Bulung‘ur shox ko‘chasi kesishmasida joylashgan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li xiyobonini, Sohibkor mahallasida joylashgan madaniyat markazi va baxshi nomidagi uy muzeyini qaytadan qurish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Baxshi qabrining ko‘chirilishi ham uzoq davom etgan o‘rganish va muhokama jarayonlaridan keyingina amalga oshirildi. Avvalo, bir guruh nuroniylar va baxshining qarindoshlari huquqiy va diniy idora vakillari bilan kelishgan holda tuman markazida joylashgan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li qabrini marhumning ruhi abadiy qo‘nim topishi uchun alohida ehtirom bilan tumanning Bo‘dana mahallasida joylashgan, qarindoshlari dafn qilingan “G‘ishtli ota” qabristoniga ko‘chirib, ziyorotgohga aylantirish hamda madaniy va milliy meros obyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishda amaliy yordam berishini so‘rab tuman hokimligiga murojaat yo‘llashgan.

Bizningcha, bu g‘oyat to‘g‘ri qaror bo‘lgan. Buni vaziyat taqozo qilgan. Sababi, baxshining qabri dastlab tuman markazidagi Ko‘ksaroy maydonida joylashgan. Maqola muaalifi ta’kidlaydi, “Keksalardan eshitishimcha, 1952-yilda baxshi vafot etgach, yaqinlari uni ko‘chaga emas, qabristonga dafn etishni talab qilishgan. Afsuski, Sho‘ro hukumati g‘oyasiga binoan baxshining jasadi ko‘cha yuziga dafn etilib, yonida haykali (aslida byusti) ham o‘rnatilgan. Bu haykal to yuqorida tilga olingan davr - yetmishinchi yillarning boshiga qadar o‘sha joyda muqim o‘rin oldi”. Keyinchalik, 1977-yilda baxshining qabri hozirgi Bulung‘ur shox ko‘chasi kesishmasiga ko‘chirilgan. Baxshi xotirasini abadiylashtirish, munosib ehtirom ko‘rsatish maqsadida qabr joylashgan hudud 2018-yilda obod qilinib, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li xiyoboniga aylantirilgan. Bunda hudud atrofi obod qilinib, baxshining haykali o‘rnatilgan. E’tibor qaratish kerakki, hudud tuman markazi, “Bulung‘ur buyum bozori” MChJning shundoqqina yonginasida joylashganligi sababli harakat gavjum, sershovqin.

Joriy yilda baxshi tavalludining 150 yillik yubileyi munosabati bilan baxshining abadiy qo‘nim topishi boradagi fikr-mulohazalar yana bir bor ko‘rib chiqildi. Baxshining avlodlari bilan suhbatlashildi, masalaning diniy va dunyoviy jihatlari o‘rganildi. O‘rganish davomida Guliston mahallasidagi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li xiyobonida joylashgan baxshi qabrining kadastr yig‘ma-jildi hujjatlari mavjud emasligi va ro‘yxatga olinmaganligi, qolaversa, ushbu majmua O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Milliy ro‘yxatda qayd etilmaganligi, viloyat Madaniy meros boshqarmasi arxivida Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li haykali yuzasidan ma’lumotlar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Keng jamoatchilik fikri va baxshi shoir qarindoshlari iltimosiga ko‘ra, yakunda maxsus komissiya tuzilib, tuman markazida joylashgan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining qabri 2022-yil 22-may kuni Bo‘dana mahallasida joylashgan “G‘ishtli ota” qabristoniga izzat-ikrom bilan ko‘chirildi va ta’kidlash lozimki, qarindoshlari yoniga dafn qilinib, marhumning ruhi mangu orom topdi.

Maqola muallifi o‘z fikrini davom ettirar ekan, “Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining qabri birinchi bor ko‘chirilganida o‘sha paytdagi hukumatning qaroriga asoslanilgan”ligini bildiradi va “Shu o‘rinda har birimizda savol tug‘iladi: baxshi qabri qanday vakilning buyrug‘i yoki rasmiy hujjatga asosan ko‘chirildi? Ana shu savolga javob topishning iloji bo‘lmayapti.”, deya ta’kidlaydi.

2022-yilda qabrni ko‘chirish ishlari davomida qabrdan 1977-yilga tegishli tarixiy hujjat – “O‘zbekiston xalq baxshisi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li hokini ko‘chirish to‘g‘risidagi akt” topildi. Akt o‘sha vaqtdagi “Krasnogvardeysk shaxri” (hozirgi Bulung‘ur shaxri)da 1977-yil 25-mart sanasi bilan tuzilgan. Mazkur tarixiy hujjatda shunday yozuvlar qayd etilgan: “Район жамоатчилиги, Фозил Йўлдош ўғлининг қавму-қариндошлари ҳамда Фозил Йўлдош ўғли номли совхоз меҳнаткашларининг илтимосига кўра Булунғур район партия комитети ва район Совети Ижроия комитети 1977 йил 6 январда чиқарган қарорига биноан махсус комиссия тузиб, халқ бахшисининг хокини мазкур ҳиёбонга кўчиришни лозим топди”.

Navbatdagi (va eng so‘nggi!) ko‘chirish jarayoni ham xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashining 2022-yil 16-maydagi VI-62-97-7-93-K/22-sonli qaroriga asosan amalga oshirildi.

Qayd etish kerakki, ko‘chirish jarayoni 2010-yil 27-dekabrdagi “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining barcha talablariga mos ravishda amalga oshirildi. Jarayonda komissiya a’zolari tarkibi sifatida Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Samarqand filiali xodimi S.Davronov, F.Yo‘ldosh o‘g‘li nevaralaridan E.Sharipov, O.Sharipov, L.Sultonova, O.Tursunqulova, Sh.Tursunqulov, tuman bosh imom-xatibi M.Jomonqulov va boshqa mas’ullar ishtirok etishib, jarayonlar yakunida 26 kishi tomonidan imzolangan dalolatnoma tuzildi.

Bugungi kunda Bo‘dana mahallasidagi “G‘ishtli ota” qabristonida baxshi mangu qo‘nim topgan joy ziyoratgohga aylantirilib, aholi ziyorat qilishi uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilishi borasida ishlar boshlab yuborilgan. Mazkur manzil madaniy va milliy meros obyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi belgilangan.

Maqola muallifining xavotiriga sabab bo‘lgan tuman markazida joylashgan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li xiyoboni zamon talablari asosida qayta ta’mirlanib, qiyofasi o‘zgartiriladi, maydonga baxshining hozirgidanda ulkanroq haykali o‘rnatiladi. Shu o‘rinda hududning sotilishi, tadbirkorlik yoki boshqa maqsadlarda foydalanilishi to‘g‘risidagi har qanday gaplar assosizdir. Hozirda hududda ta’mirlash jarayonlari boshlab yuborilgan.

Maqolada keltirilgan tuman markazidagi sobiq mustaqillik maydoni o‘rni haqida ham to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, mazkur hudud bir qancha muddat qarovsiz qoldirilgan bo‘lib, hududdan samarali foydalanish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilish ishlari olib borildi va bugunga kelib hudud obod manzilga aylantirilgan. Bugun binoning birinchi qavatida Davlat xizmatlari markazi, savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi, “Mahallabay” ishlash markazi kabi tashkilotlar aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Qolaversa bino atrofida tuman Adliya bo‘limi, bo‘lim qoshida yuridik markaz, tuman FHDYO bo‘limi, 2 ta xususiy notarial idora, avtoturargoh va bolalar maydonchasi joylashgan.

Bugungi kunda tuman miqyosidagi katta shodiyonalar Mingchinor mahallasida joylashgan va 2018-yilda foydalanishga topshirilgan bolalar o‘smirlar sport maktabi filiali hududida va tuman markazidagi Motamsaro ona haykali hamda Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li xiyoboni oldida o‘tkazilib kelinmoqda. Bundan tashqari, ayni kunlarda tuman markazida joylashgan Istirohat bog‘ini ham obod qilish ishlari olib borilmoqda. Xususan, shu maqsadda, bog‘ hududida bosqichma-bosqich ravishda “Nuroniylar” maskani, “Yoshlar kutubxonasi” hamda tuman hokimligi Madaniyat bo‘limi uchun zamonaviy qiyofadagi Madaniyat saroyi qurilib, foydalanishga topshirildi. Istirohat bog‘i hududini obod va so‘lim maskanga aylantirish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

So‘zimiz so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollaridan o‘rganilmagan, rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz. Unutmaslik kerakki, bugun yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati tufayli har qanday mazmundagi ma’lumot yuzasidan rasmiy idoralardan ishonchli ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan. Xususan. yuqoridagi maqola muallifi ham o‘z savollarini oqqa tushirishga shoshilmasdan, rasmiylardan ma’lumot olishga harakat qilganida faktlarga asoslangan, chuqur tahlil qilingan maqolaga mualliflik qilishi ehtimoli yuqori bo‘lardi. Bu borada tuman hokimligi axborot xizmati hamkorlikka doim tayyor.

 

Bulung‘ur tumani hokimligi axborot xizmati

2015-2024 © Булунгур туман ҳокимлиги. Maked by: SAKTRM